Afsuski, bugungi kunda ayrim toifa va oqimlar yoshlarimizning samimiy diniy tuyg‘ularidan foydalanib, "hijrat" " tushunchasini buzib talqin qilmoqdalar. Ular tinch va osoyishta yurtimizni "kufr diyori" deb atab, odamlarni urush o’choqlariga, parokandalik bo‘layotgan o‘lkalarga chora-tadbirsiz "hijrat qilishga" targ‘ib qilmoqdalar. Xo‘sh, islom shariatida hijrat va diyorlar masalasi aslida qanday?
1. Aslida hijrat, diniy e’tiqod va ibodatlarni erkin bajarish imkoni bo‘lmagan joydan dinini, e’tiqodini va jonini saqlab qolish uchun tinch va xavfsiz joyga ko‘chib o‘tishdir.
Tarixga nazar salsak, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar Makka shahrida ibodat qilishdan man etilib, zulm va azob-uqubatlarga duchor bo‘lganlarida avval Habashistonga, so‘ngra Madinai Munavvaraga hijrat qilgan edilar.
Biroq Makka fathi bilan bu ko‘rinishdagi hijrat o‘z nihoyasiga yetgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu haqiqatni quyidagi mashhur hadisi sharifda bayon qilganlar:
: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ
(رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ) «لاَ هِجْرَةَ بَعْدَ الْفَتْحِ، وَلَكِنْ جِهَادٌ وَنِيَّةٌ»
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
"Fathdan (Makka fathidan) keyin hijrat yo‘qdir. Lekin niyat va xolis harakat bordir."
(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)
Demak, Makka fathi bilan musulmonlar yashab turgan joylaridan ko‘chish amaliyati to‘xtatilgan.
2. Biz uchun bugun ma'naviy hijrat lozim — ya’niy Ma'siyat va gunohlarni tark etish har bir musulmonga vojib bo‘lgan hijrat — bu jismoniy bir yurtni tark etish emas, balki gunoh va ma'siyatlarni, fitnalarni va yomon fe'l-atvorlarni tark etishdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlar so‘raganlarida eng afzal hijrat nimaligini quyidagicha izohlaganlar:
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ
«الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ، وَالْمُهَاجِرُ مَنْ هَجَرَ مَا نَهَى اللهُ عَنْهُ»
(رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ)
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
Nabiya sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
"Musulmon — barcha musulmonlar uning tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir. Muhojir esa — Alloh qaytargan (taqiqlagan) narsalarni tark etgan kishidir."
(Imom Buxoriy rivoyati)
O‘z oilasini, ota-onasini, qavm-qarindoshlarini va tinch vatanini tashlab, turli buzuvchi guruhlar safiga borib qo‘shilish "hijrat" emas, balki ota-ona haqqiga rioya qilmaslik, fitnaga tushish va xiyonatdir.
Islomda ota-onaga xizmat qilish, ularning roziligini olish qat'iy buyurilgan.
جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَسْتَأْذِنُهُ فِي الْجِهَادِ، فَقَالَ:قَالَ عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا
«قَالَ فَفِيهِمَا فَجَاهِدْ» نَعَمْ : قَالَ «أَحَيٌّ وَالِدَاكَ؟»
(رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ)
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
Bir kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib, jihodga (va hijratga) izn so‘radi. Shunda U zot:"Ota-onang tirikmi?" deb so‘radilar. U kishi: "Ha, tirik," dedi. U zot aytdilar: "U holda ushbu ikki inson xizmatida jihod qil!"
(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)
Karmana tumani “Jaloyir”
jome masjidi imom-xatibi A.Hakimov